Farmasevtika ta’lim va tadqiqot institutida yangi zamonaviy talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi

Bugun institutda talabalar turar joyi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, Yunusobod tumani Uvaysiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi ishtirok etdi. 

7 qavatli yangi bino 280 o‘ringa ega. Binoda, shuningdek, ma’naviyat xonalari ham tashkil qilingan bo‘lib, ularda kompyuterlar o‘rnatilgan. Maishiy xonalar, oshxona zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlangan. 

– Soha rivojlanishiga kelajakda o‘z hissalarini qo‘sha oladigan yuqori malakali mutaxassislarga ta’lim berish bizning asosiy maqsadimizdir, – dedi S.Buzrukxonov. – Farmasevtika ta’lim va tadqiqot instituti rahbariyati talabalarga zamonaviy standartlar asosida bilim olishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib bermoqda. Umid qilamizki, bu kabi yaratilgan qulayliklar natijasida bilimli kadrlar yetishib chiqadi.

Mehmonlar talabalar turar joyi bilan tanishgach, institutning o‘quv binosida talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlarni ham ko‘zdan kechirdilar.