MUROJAATNOMA – YANGI MARRALAR SARI YETAKLAYDI

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 20-dekabr kuni Oliy Majlis va Oʼzbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomasini taqdim etdi. Mamlakatimiz siyosiy hayotidagi eng muhim voqea boʼlgan mazkur tadbir 2017-yildan buyon oʼtkazib kelinmoqda. Unda tugayotgan yildagi asosiy koʼrsatkichlar, yangi yilga moʼljallangan maqsad va vazifalar eʼlon qilinadi. Shu bois olimlar, yoshlar, keng jamoatchilik bu tadbirni doimo katta qiziqish bilan kutadi.

Shu maʼnoda, davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va Oʼzbekiston xalqiga Murojaatnomasini tinglar ekansiz, har birimiz qalbimizda ona vatanimizga muhabbat, oʼz vazifamizga masʼuliyatli boʼlish, shu zaminga oʼz xissamizni koʼshishdek oliyjanob tuygʼularni qalbimizda uygʼotadi. 

Prezidentimiz oʼz Murojaatnomasida “Аvval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan gʼoyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerak, degan fikrni ilgari suradi. Bu esa, oʼz navbatida, Oʼzbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini taʼminlashni ustuvor vazifa etib belgilanganligini koʼrsatib turibdi. 

Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va Oʼzbekiston xalqiga yoʼllagan 2 soat 25 daqiqa davom etgan Murojaatnomasida 6502 ta soʼz ishlatgan va bu oʼz oʼrnida ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga oʼtishni, Yangi Oʼzbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurish, taʼlim-tarbiya sohasini yangi bosqichga koʼtarish, tadbirkorlik subʼektlariga yangi imtiyozlar berish, ularni qoʼllab-quvvatlash, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, energetika sohasida oʼzgarishlar qilish yuzasidan muhim boʼlgan yoʼnalishlarni belgilab berdi. 

Xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning istiqboli uchun, avvalo taʼlim-tarbiya sohasi muhim rol oʼynaydi. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbari maʼrifatparvar jadid bobolarimizning “Najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi” degan soʼzlari deputat va senatorlarimiz, siyosiy partiyalar, mahalliy kengashlar, butun davlat apparati, keng jamoatchilikning amaliy harakatiga aylanishi kerakligini taʼkidladilar.

Shuningdek, mazkur fikrlarini davom ettirish jarayonida taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlarga toʼxtalib oʼtdi hamda maktablarda taʼlim sifati hamda jamiyatda oʼqituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash 2023-yildagi eng asosiy vazifalarimizdan biri boʼladi, deya taʼkidladilar.

Shu maʼnoda, 2023-yilga yurtimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nom berildi. Bu oʼz navbatida olimlar, pedagoglar, ilmiy xodimlar, murabbiylar uchun katta bir ishonch va masʼuliyat hissidir. Bunday nom berilishi albatta kelajak istiqbolda oliy taʼlim sohasida yangi-yangi marralar, yangi-yangi vazifalar turganidan dalolat beradi. 

Shu jumladan, Murojaatnomada soʼnggi yillarda oliygohlarimiz 2,5 barobar koʼpayib, 198 taga yetdi, qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshganligi, 41 ta oliygohga akademik va moliyaviy mustaqillik berilganligi, ularda transformatsiya ofislari ochilganligi, kelgusi yilda oliygoh talabalari uchun imtiyozli taʼlim kreditlariga resurslar 2 barobar koʼpaytirilib, 1,7 trillion soʼm ajratilishi, bu yil ilm-fan va innovatsiyalarga 1,5 trillion soʼm yoʼnaltirildi va bu – 2017-yilga nisbatan qariyb 6 barobar koʼpligi, olimlarning ish haqi ham 4,5 barobar oshirilganligi, bularning barchasi hisobidan nano va biotexnologiyalar, raqamli geologiya kabi 

18 ta yangi ilmiy yoʼnalish tashkil etilganligi, kelgusi yili ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trillion soʼm ajratilishi haqida aniq maʼlumotlar berildi.

Maktab taʼlimi sohasida o’quvchilarda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot koʼnikmalarini shakllantirish zarur ekanligi taʼkidlandi. Shuningdek, Prezidentimiz oʼz nutqida “Taʼlim” soʼzini 25 marotaba qoʼllar ekan, bu hozirgi kunda taʼlim sohasida yangi oʼzgarishlar amalga oshirilishidan dalolatdir.

Davlatimiz rahbari millatlararo doʼstlik, diniy konfessiyalar oʼrtasidagi hamjihatlik, ijtimoiy bagʼrikenglik muhitini yanada mustahkamlash yoʼlida amalga oshirilishi kerak boʼlgan ishlar xususida toʼxtaldi. “Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzgʼunchi yot gʼoyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, maʼrifat oʼrnini jaholat egallashiga yoʼl qoʼymaymiz”, deya taʼkidlar ekan, oʼz oldimizda yoshlarni turli tahdidlardan himoya qilish, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, farzandlarimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, jamiyatimizning maʼnaviy asoslarini mustahkamlash, madaniyat sohasini rivojlantirish, ilmiy-ijodiy tashkilotlar, muhtaram ziyolilarimiz faoliyatini qoʼllab-quvvatlash ustuvor yoʼnalishlardan biri sifatida aniq amalga oshirilishi lozim boʼlgan ishlar belgilab olindi. 

Davlatimiz rahbari, oʼz soʼzining yakunida “Shu bois, qanchalik qiyin boʼlmasin, tanlagan yoʼlimizdan hech qachon ortga qaytmaymiz. Koʼzlagan marralarimizga albatta yetamiz. Bu yoʼlda niyati ulugʼ, qalbi pok, mehnatkash xalqimizga tayanamiz.

Bir tanu bir jon boʼlib harakat qilsak, men ishonaman, el-yurtimiz intilayotgan Yangi Oʼzbekistonni albatta barchamiz birgalikda bunyod etamiz” degan fikrlari har bir insonni yana oʼz yurtiga sadoqat ruhida yashash kerakligini koʼrsatib turibdi va bu oʼz navbatida ziyolilar, olimlar, yosh tadqiqotchilar oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Murojaatnomada keltirilgan yoʼnalishlar, takliflar va bajarilishi lozim boʼlgan ishlarni tizimli tashkil etish, sifatli taʼlim berish, yoshlarimizni maʼnaviy dunyoqarashini yanada boyitish vazifalarini amalga oshirishdek oliyjanab maqsadlar va vazifalar oldimizda turganidan yaqqol dalolat beradi.

Shunday ekan, biz olimlar va yosh tadqiqotchilar ham Murojaatnomada keltirilgan fikrlar oldimizga yangi maqsadlar sari yetaklaydi.


Jaloliddin Yusubov,

Farmasevtika ta'lim va tadqiqot instituti “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi dotsenti, falsafa fanlari boʼyicha falsafa doktori (PhD).