Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida    “Yоshlar oyligi” tadbirlari davom etmoqda.

Biz “Zamonamiz qahramoni” deb O‘zbekistonda  xizmat ko‘rsatgan jurnalist,  Xalq maorifi a’lochisi, “Hilol” nashriyoti muharriri Erkin Malikni topdik. Bunga esa sabablar ko‘p, ularni sanab o‘tirsak kichik qissa yoziladi. Yaxshisi adibning avtobiografik romani “Bolaligim ertaklari” asarini mutolaa etishni tavsiya qilgan bo‘lardik. 

Nuroniy adib (naq 82 yoshni qoralab qo‘yibtilar, umrlari uzoq bo‘lib, tani jonlari sog‘ bo‘lsin) institutimizga tashrif buyurdilar. 

Talabalarga ilm olish, mutolaaning kishilar hayotidagi o‘rni  haqida gapirib, qatag‘on yillarida  yurtimizni tashlab chiqib ketishga majbur  bo‘lgan yurtdoshlarimizning xotiralari asosida yozilgan “100 yil sarson sargardonlikda” asaridan kichik bir lavhani, u ham bo‘lsa, o‘zligimizni, tilimizni, bilimlarini nafaqat saqlab qolish, balki farzandlariga yetkazish uchun chekilgan zahmatlar borasidagi hikoyani so‘zlab berdilar. 

Shundan so‘ng, talabalarda tabiatga qiziqish uyg‘otish, jonzotlarning ham o‘ziga xos olamlariga e’tiborli bo‘lishlari uchun “Chumolilar saltanati” asari haqida hikoya qilib, mitti chumolilar olamining ajoyibotlari borasida ham so‘zlab berdilar. 

Adib Erkin Malik  bilan bo‘lgan uchrashuv talabalarda mutolaaga qiziqish uyg‘otganiga chin dildan ishongan holda, tadbir haqidagi ma’lumotlarga nuqta qo‘ysak. Zero uzoq gapirgandan foyda yo‘q, lekin tez kunda uchrashuvning to‘liq videosini e’tiboringizga havola etishga harakat qilamiz.