Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutining tantanali ochilish marosimi

2021 yil 11 oktabr kuni soat 9:00 da Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirga ta’sischilar, mehmonlar, OAV vakillari, institut professor- o‘qituvchilari, 2021-2022 o‘quv yiliga o‘qish uchun qabul qilingan talabalar va ularning ota-onalari tashrif buyurishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi 2019 yil 8 oktabrdagi “Tibbiyot va farmatsevtika ta’limi va ilm-fani tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”  5847 – sonli Prezident farmoni va 2019 yil 6 maydagi 4310 – sonli Prezident qarorida belgilangan vazifalar hamda farmatsevtika sohasida zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarga asoslangan nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatilishini yanada rivojlantirish, aholi salomatligini muhofaza qilishning dolzarb muammolari yechimi bo‘yicha ta’lim va tadqiqot ishlari uyg‘unligini ta’minlash belgilangan. Shu maqsadda Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti tashkil etildi.

Institut ochilishida ishtirok etuvchi ta’sischilar: “AL TAIR-TA-AVTO”  MCHJ direktori- Abdullayev Abduvahob Abdusattor o‘g‘li;

“MED STANDART” MCHJ direktori- Xodjayeva Iroda Axmatxodjayevna;

“Farmatsiya – innovatsiya markazi” MCHJ direktori- Nigmatxodjayev Akbarxodja Baxodirxodjayevich.

Tadbir 9:00 da institut rektori Aziz Fayzamatovich Dusmatovning kirish so‘zi bilan boshlandi. Institut rektori institutning moddiy-texnika bazasi, innovatsion laboratoriyalari, o‘quv jarayonini tashkil etilishidagi yangiliklar, talabalarga o‘qishi va raqobatbardosh kadr bo‘lishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida gapirdi. Tadbirda talabalar va ularning ota- onalaridan vakillar chiqishdi. Undan so‘ng 4 qavatda talabalarga tantanali ravishda ta’sischilar tomonidan taqdim etilgan planshetlar va o‘quv daftarlarini taqdim etish marosimi bilan davom etdi. So‘ng talabalar o‘quv auditoriyalarda institut haqidagi videorolik va prezentatsiya hamda o‘qitishning kredit-modul tizimi haqida ma’lumotga ega bo‘ldilar.

Kun talabalarni respublikada mukammal jihozlangan mikrobiologiya, ximiya, fizika laboratoriyalari bilan tanishtirish bilan yakunlandi.